Govmichcha
Govmichcha bu – kiprik tagidagi kichik, qizil, ogʻriqli boʻrtma. Govmichcha bir necha kun ichida yoʻqolmasa, bolani shifokorga olib boring. Govmichcha bilan davolash mutaxassisning nazorati ostida va tavsiyalari boʻyicha amalga oshirilishi kerak. Koʻzdagi govmichcha yuqumli hisoblanadi. Kasallik tarqalishini toʻxtatish uchun qoʻllaringizni muntazam yuving va alohida sochiqlardan foydalaning.
Mukovissidoz
Mukovissidoz – oʻpka, ovqat hazm qilish tizimi, ter bezlari va farzand koʻrish qobiliyatiga taʼsir qiluvchi irsiy kasallik. Maxsus davolash mukovissidoz bilan kasallangan bolalarning hayot sifatini yaxshilashi mumkin.
Pnevmoniya/zotiljam
Pnevmoniya bu – oʻpkaning infeksion yalligʻlanishidir. Farzandingiz pnevmoniyaga chalingan boʻlsa, uning qiyin nafas olishini, shuningdek isitma, yoʻtal, ortiqcha injiqlik va kuchli charchoq kabi belgilarni sezasiz.
Gripp
Gripp belgilariga burunning oqishi, yoʻtal, tomoq ogʻrigʻi, isitma va mushaklarning ogʻrigʻi kiradi. Gripp belgilarini uyda dam olish, suyuqlik ichish va paratsetamol yordamida davolash mumkin. Farzandingizning belgilari yaxshilanmasa yoki ahvoli juda yomonlashsa, shifokoringizga murojaat qiling. Gripp tarqalishining oldini olish uchun qoʻlingizni tez-tez sovun va suv bilan yuving, yoʻtalayotganda ogʻzingizni toʻsing va bolani tavsiya qilinganda emlating.
Sinusit
Sinusit – burun va peshona qoʻshimcha boʻshliqlarining yalligʻlanishi. Belgilariga burun oqishi, koʻz va burun atrofidagi shish va ogʻriq, bosim hissi kiradi. Farzandingizda sinusit bor deb shubhalansangiz, shifokoringizga murojaat qiling. Davolash uchun antibiotiklar buyurilishi mumkin. Shifokor tomonidan tavsiya etilgan paratsetamol yoki ibuprofen ogʻriq qoldirishga, tuzli burun tomchilari esa burun bitishiga yordam berishi mumkin.
Tonzillit
Tonzillit – virusli yoki bakterial infeksiya tufayli kelib chiqqan bodomsimon bezlarning yalligʻlanishidir. Belgilariga tomoq ogʻrigʻi, yutish qiyinligi, yuqori isitma, limfa bezlari kattalashishi, bosh ogʻrigʻi va bakterial tonzillitda yiringli karash kiradi. Farzandingizda tonzillit boʻlishi mumkinligiga shubha qilsangiz, uni shifokorga olib boring. Farzandingizga qultumlab ichishi uchun tez-tez suv bering. Shifokor tomonidan tayinlangan paratsetamol yoki ibuprofen ogʻriq qoldirishga va yuqori isitmani tushirishga yordam berishi mumkin.
Burundan qon ketishi
Burundan qon ketishi juda tez uchraydi, ammo tashvishlanishga sabab boʻla olmaydi. 10 daqiqa davomida bolaning burnini mahkam siqib turing. Burundan qon oqishi toʻxtamasa, burnini yana 10 daqiqa siqib turing. Qon ketishini toʻxtata olmasangiz, farzandingizni shifokor yoki tez yordam boʻlimiga olib boring.
Tugʻma dogʻlar
Chaqaloqlarda turli xil tugʻma dogʻlar boʻlishi mumkin. Vaqt oʻtishi bilan tugʻma dogʻlarning aksariyati yoʻqoladi va oʻz-oʻzidan oʻtib ketmaydigan turlarini olib tashlash yoki kamaytirish uchun maxsus lazer bilan davolash oʻtkaziladi. Shifokor va dermatolog sizga farzandingizning tugʻma dogʻlari haqida nima qilish kerakligini aytadi.
Eshakyemi
Eshakyemi oq, pushti yoki qizil boʻrtib chiqqan dogʻlarga oʻxshash keng tarqalgan teri kasalligi. Toshma kuchli qichishish bilan birga keladi, koʻpincha bolaning koʻkragida, qornida yoki orqa qismida paydo boʻladi, har qanday joyda paydo boʻlishi mumkin. Farzandingizni va sizni eshakyemi bezovta qilsa, shifokorga murojaat qiling.
Hasharot chaqishi
Koʻplab hasharotlarning chaqishi oqibatlarini shifokorning tavsiyasidan keyin bola yoshiga qarab allergiyaga qarshi dorilar, paratsetamol yoki ibuprofen yordamida yoʻqotish mumkin. Ammo farzandingizda hasharot chaqishiga jiddiy yoki gʻayrioddiy reaksiya boʻlsa, darhol tibbiy yordam uchun murojaat qilishingiz kerak (103 raqamiga qoʻngʻiroq qiling).